2025.10 .07
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari instituti hamda O‘zbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti oʻrtasida hamkorlik aloqalari mustahkamlandi.
Joriy yilning 4-sentabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi binosida Parlament tadqiqotlari instituti hamda Kriminologiya tadqiqot instituti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik Memorandumini imzolashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Parlament tadqiqotlari instituti va Kriminologiya tadqiqot instituti ilmiy xodimlari va mustaqil izlanuvchilari ishtirok etdi.
Tadbir davomida Parlament tadqiqotlari institutining tarkibiy tuzilishi haqida batafsil ma’lumot berildi hamda Kriminologiya tadqiqot institutining asosiy faoliyati yo‘nalishlari, huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyatchilikni oldini olish, jamoat xavfsizligini ta’minlash sohalarida o‘tkazilayotgan tadqiqotlar yuzasidan axborot berildi.
Tadbirning ikkinchi qismida Parlament tadqiqotlari instituti hamda Kriminologiya tadqiqot instituti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik Memorandumi imzolandi.
Memorandum doirasida ikki tomonlama ilmiy-amaliy konferensiyalar o‘tkazish, qo‘shma tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, parlament faoliyatini ilmiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash borasida mutaxassislar o‘rtasida muntazam muloqotni kuchaytirish masalalari ko‘zda tutildi.
Do‘stona ruhda o‘tgan muloqot davomida kelgusidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga, xususan bugungi kundagi dolzarb masalalarini tadqiq etishga kelishib olindi.