2025.09 .03
2025-yil 21-avgust kuni Kriminilogiya tadqiqot institutida "Jinoyatlarni tergov qilish amaliyotida zamonaviy axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan keng foydalanish evaziga xolislik institutini isloh qilishga oid O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida" gi qonun loyihasi bo‘yicha davra suhbati o‘tkazildi.
Kriminologiya tadqiqot instituti tomonidan jinoyat protsessida xolislik institutini qayta ko‘rib chiqish masalasi bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlari olib borildi. Tergovchilar o‘rtasida o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovlar davrida bitta xolisni tergovga jalb qilish uchun 1 soatdan 3 soatgacha vaqtlarini sarflashayotganligi ma’lum bo‘ldi. Bir soatdan sarflagan taqdirda ham tergovchilar bir haftada xolislar ishtirok etadigan 4 ta tergov harakatini o‘tkazish uchun ularni topib, tergovga jalb qilishlariga 8 soat yoki hafta davomida bir ish kunini, oy davomida esa 4 ish kunini yo‘qotmoqda. Tergov departamentining ma’lumotlariga ko‘ra, bir yil davomida tergovchilar 110 mingta xolisni tergov harakatlarida ishtirok etishlari uchun jalb qilganlar.
Taklif etilayotgan qonun loyihasining mohiyati shundan iboratki, turar joylarni ko‘zdan kechirish va turar joylarda tintuv o‘tkazishdan boshqa, amaldagi JPKga ko‘ra xolislar ishtirok etishi shart bo‘lgan tergov va protsessual harakatlarda xolislarning ishtirok etishi bevosita tergovchi tomonidan hal qilinishi, lekin ular tergovga jalb qilinmagan taqdirda, tergov va protsessual harakatlar jarayoni va natijalari videoyozuv orqali qayd qilinishi shart etib belgilanmoqda.
Jinoyat-protsessual qonunchiligida videoyozuv qo‘llanilishi nazarda tutilgan bo‘lsa-da, uni qo‘llash tartibi aniq belgilanmagani sababli, turlicha yondashuvlar yuzaga kelmoqda va natijada olingan dalillar haqiqiy emas, deb topilishi ehtimoli yuqoriligicha qolmoqda. Shuning uchun, videoni qo‘llash tartiblari ishlab chiqildi va alohida moddada belgilanishi taklif qilinmoqda.
Bu islohotlar jinoyat-protsessual faoliyatining shaffofligi va samaradorligini oshirishga qaratilgan.
Qonun loyihasi bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirishni istaganlardan Kriminologiya tadqiqot institutiga murojaat qilishlari so‘raladi.