2025.07 .23
PRESS-RELIZ
Jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklar profilaktikasini taʼminlash bugungi kunda oʻziga xos ilmiy yondashuvlarni talab etmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Kriminologiya tadqiqot instituti ayni vaqtda bu yoʻnalishda ilmiy xodimlarni jamlagan sanoqli dargohlardan biri hisoblanadi. Ilmiy tadqiqot institutida “Jinoyatchilikni ilmiy tadqiq etishning dolzarb masalalari” mavzusida keng qamrovli press-tur va matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Tadbirda ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar, nodavlat notijorat tashkilotlari, jamoatchilik faollari hamda ekspertlar ishtirok etdilar.
Faoliyat boshlaganidan buyon qisqa vaqt ichida institut tomonidan Turkiya, Janubiy Koreya, Rossiya Vengriya, Saudiya Arabistoni, Qatar va boshqa qator xorijiy davlatlaridagi kriminologiya institutlari hamda jinoyatchilikni tadqiq etish markazlari bilan 15 ga yaqin hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyildi. Mazkur davlatlarda jinoyatchilikka qarshi kurashishning ilgʻor amaliyoti, jumladan kiberjinoyatchilik, voyaga yetmaganlar jinoyatchiligi va reabilitatsiya dasturlari boʻyicha tajribalar namoyish etildi.
Institutda olib borilayotgan jinoyatchilik boʻyicha statistik tahlillar, soʻrovnomalar, ilmiy prognozlar va kriminogen hududlarni aniqlash boʻyicha tadqiqotlar natijalari namoyish etildi.
Institut tomonidan ilmiy jurnallar, maqolalar, uslubiy qoʻllanmalar, boshqa bosma materiallar shu yerning oʻzida nashr etilayotgani xodimlar uchun qoʻshimcha qulayliklarni yaratmoqda. “Kriminologik faoliyat” milliy jurnali, “Kriminologiya” xalqaro jurnali yangi sonlari, voyaga yetmaganlar bilan ishlashga oid metodik tavsiyalar jurnalistlarga tarqatildi.
Institutda faoliyat olib borayotgan ilmiy-ishlab chiqarish laboratoriyasida mutaxassislar tomonidan jinoyatlarni tahlil etishda qoʻllanilayotgan texnologik vositalar, jumladan elektron nazorat tizimlari, smart-brasletlar, interaktiv monitoring paneli va kelgusida sunʼiy intellekt (AI) asosida jinoyat prognozi boʻyicha olib borilayotgan ishlanmalar haqida atroflicha maʼlumot berildi.
Tadbirning ikkinchi qismidagi tashkil etilgan matbuot anjumanida Institut rahbari, yuridik fanlar boʻyicha falsafa doktori, polkovnik Baxtiyor Berdialiyev Respublika hududidagi kriminogen vaziyat, jinoyatchilik tendensiyasi, sabab-oqibatlari va omillariga alohida toʻxtalib oʻtdi.
Jamoatchilik vakillari tomonidan firibgarlik va oʻgʻirlik holatlari, mahalla jinoyatchiligi, voyaga yetmaganlar va yoshlar jinoyatchiligini ilmiy tadqiq etishga oid berilgan savollarga institutning yetuk mutaxassislari, olimlar va ekspertlar tomonidan toʻliq javoblar qaytarildi.
Aytish joizki, mazkur press-tur va matbuot anjumani jinoyatchilikning zamonaviy turlari va ularning xavfini jamoatchilikka yetkazish, ilmiy tahlil va faktlarga asoslangan yondashuv asosida keng muhokama qilish, fuqarolik jamiyati ishtirokini kuchaytirish hamda Institut faoliyatini yoritish yoʻlida muhim qadamlardan biri boʻldi.