Logo
"Mirzo Ulug'bek" tum., "Buyuk ipak yo'li" ko'chasi, 243-uy
Dush-Juma : 09.00 AM-06.00 PM

Yoshlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarning oldini olishda hamjihatlik ta’minlanadi

2025.06 .30

“Yoshlar jinoyatchiligini oldini olishning dolzarb masalalari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazildi.

Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash kun tartibidagi eng dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.
Joriy yil boshida davlatimiz rahbari tomonidan mahallalarda xavfsiz va jinoyatdan xoli muhitni yaratishga qaratilgan qaror qabul qilinib, barcha vazirlik va idoralarga vazifalar belgilab berildi.

Mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan tizimli ishlar va chora-tadbirlarning natijadorligini sarhisob qilish hamda tadqiqotlar va xalqaro tajribalarni o‘zaro muhokama qilish maqsadida “Yoshlar oyligi” doirasida Prezident huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi majlislar zalida “Yoshlar jinoyatchiligini oldini olishning dolzarb masalalari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi va Kriminologiya tadqiqot instituti hamkorligida o‘tkazilgan anjumanda 20 dan ortiq huquq-tartibot organlari, vazirlik va idoralarning mutaxassislari, ilmiy va ta’lim tashkilotlarining olim va ekspertlari o‘zlarining tahlil, tadqiqot natijalari va amaliy takliflari bilan ishtirok etdi.
Anjumanda bugun shiddat bilan rivojlanib borayotgan zamonda har qanday turdagi jinoyatlarga, ayniqsa, yoshlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarning oldini olishda hamjihatlikdagi sa’y-harakatlarsiz ko‘zlangan maqsadga erishishning imkoni yo‘qligi, zamonaviy tahdidlar va xavf-xatarlar yuzasidan doimiy ilmiy muloqot o‘rnatish, ularga qarshi kurashishda eng samarali usullar bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish har qachongidan ham muhimligi ta’kidlandi.

Hozirgi globallashuv jarayonlari, texnika va texnologiyalarning kun sayin takomillashuvi, faollashayotgan migratsiya o‘zining ijobiy jihatlari bilan birga, salbiy tomonlarini ham namoyon etayotgani qayd etildi. “Ommaviy madaniyat”, transmilliy jinoyatchilik, Internet tarmoqlarida tarqatilayotgan mentalitetimizga xos bo‘lmagan namoyish va chaqiriqlar yoshlar orasida jinoyatchilikning ortib borishiga sabab bo‘layotgani aytib o‘tildi. 

Anjumanda ma’ruza qilgan kriminolog olimlar, yetuk malakali ekspertlar tomonidan yoshlar jinoyatchiligini jilovlash, oldini olish hamda ularga qarshi manzilli va maqsadli kurashish har qachongidan ham muhimligiga e’tibor qaratildi. Mazkur yo‘nalishdagi jinoyatchilik tendensiyalarini tahlil va prognoz qilish, jinoyatchilik omillariga ilmiy xulosa berish, huquq-tartibot idoralari sohasida maqsadli ilmiy tadqiqotlarni olib borish amaliyoti tizimliligini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

Konferensiya yakunida ma’ruzachilar tomonidan ilgari surilgan ilmiy asoslantirilgan taklif va tavsiyalar kelgusida ilm-fanni rivojlantirishga, bugungi kunda davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan voyaga yetmaganlar va yoshlar jinoyatchiligining oldini olishga hamda ommaviy va transmilliy jinoyatlarga qarshi kurashish va global jamoat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qilishi e’tirof etildi.