2025.04.28
Oʻzbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti haqida
M A’L U M O T
Oʻzbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti – bevosita Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hurmatli Sh.M.Mirziyoyevning tashabbuslari bilan tashkil etilgan.
U Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 15-yanvardagi “Jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasini ilmiy tadqiq qilish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-10-son Farmoni bilan tasdiqlangan.
Kriminologiya tadqiqot instituti oʻz faoliyatini rasmiy ravishda 2024-yil 1-avgustdan boshlagan. Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 25-iyuldagi “Kriminologik faoliyatni ilmiy ta’minlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 445-son Qarori bilan tartibga solingan.
Institutda 3 ta markaz – Jinoyatchilik tendensiyalarini tadqiq qilish markazi, Jinoyatchilik omillarini tadqiq qilish markazi hamda Mahalladagi jinoyatchilikni ilmiy tadqiq etish markazi mavjud.
Shuningdek, 2 ta ofis – Koreya kriminologiyasini tadqiq qilish ofisi va Germaniya kriminologiyasini tadqiq qilish ofisi, hamda Tashkiliy boʻlim, Xalqaro hamkorlik guruhi, Kadrlar guruhi, IT boʻlimi, Moliyaviy va moddiy-texnik ta’minot boʻlimi, Tahririy-nashriyot markazi, Axborot-resurs markazi, Ilmiy-ishlab chiqarish laboratoriyasi kabi boʻlinmalar faoliyat olib boradi.
Institutning ilmiy tarkibidagi lavozimlar huquqshunoslik, psixologiya, sotsiologiya, pedagogika, texnika, iqtisodiyot, tibbiyot va geografiya sohalarida ilmiy darajaga ega, yuqori malakali va intellektual salohiyatga ega kadrlardan iborat.
Hozirda institutda Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yuristlar, fan doktorlari, professor va dotsentlar faoliyat yuritmoqda. Institutning koʻpchilik xodimlari amaliyotda ishlagan rahbar va mutaxassislar boʻlib, katta tajribaga egadirlar.
Kriminologiya tadqiqot instituti jinoyatchilikka qarshi kurashish va uning oldini olish faoliyatini ilmiy tadqiq qilishga ixtisoslashgan boʻlib, Markaziy Osiyodagi yagona shunday muassasa hisoblanadi.
U kriminologik tadqiqotlar olib borish orqali jinoyatchilikka qarshi kurashish va uning oldini olish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish vakolatiga ega.
Institut oʻz faoliyati boʻyicha bevosita Vazirlar Mahkamasiga hisob beradi.
Institut rahbari: BerdiAliyev Baxtiyor Erkinovich, yuridik fanlar boʻyicha falsafa doktori (PhD), polkovnik.
Institut rahbarining oʻrinbosari, Jinoyatchilik omillarini tadqiq qilish markazi rahbari: Azim Shuxrat Obid oʻgʻli, PhD, polkovnik.
Institut rahbarining oʻrinbosari, Jinoyatchilik tendensiyalarini tadqiq qilish markazi rahbari: Bazarov Farrux Abdugʻafurovich, PhD, podpolkovnik.
Institutning asosiy maqsadi:
Jinoyatchilikning salbiy tendensiyalari va omillarini chuqur va kompleks ilmiy oʻrganish, ularni bartaraf etish orqali jinoyatlarning oldini olish tizimini ilmiy, uslubiy, huquqiy va tashkiliy-amaliy jihatdan ta’minlash.
Institut faoliyatining asosiy yoʻnalishlari:
Oʻzbekistondagi kriminogen vaziyatni chuqur oʻrganish;
Jinoyatchilik tendensiyalarini tizimli tahlil va prognoz qilish;
Mamlakatning 14 ta hududida jinoyatchilikka qarshi chora-tadbirlarni ilmiy baholash;
Ilmiy tadqiqot loyihalari orqali mavjud muammolarni hal etish;
Chet el tajribasini oʻrganib, ilgʻor usullarni Oʻzbekiston amaliyotiga joriy etish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish.
Institutning asosiy vazifalari:
Jinoyatchilik omillari va tendensiyalarini ilmiy metodlar orqali aniqlash, tizimlashtirish va ularni bartaraf etish;
Kriminologik tadqiqot natijalarini tahlil qilish va ularni amaliyotga tatbiq etish;
Aholining e’tiroziga sabab boʻlayotgan ijtimoiy ziddiyatlarni aniqlab, ularni bartaraf etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
Tergov va surishtiruv organlariga uslubiy yordam koʻrsatish;
Xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan ilmiy hamkorlik qilish, qoʻshma tadqiqotlar oʻtkazish.