2025.11 .27
Narkotiklar – jamiyatning sokin oʻgʻrisi: farzandlarimiz nimani yoʻqotmoqda?
Bugungi kunda narkomaniya faqat tibbiy yoki jinoyatchilik sohasi muammosi emas.
Bu — oilaviy muloqotning uzilishi, qadriyatlarning susayishi, oʻsmirlarning ichki boʻshligʻi va shu boʻshliqni kim toʻldirayotgani bilan bogʻliq muammo.
Kriminologiya ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan oʻtkazilgan keng koʻlamli soʻrovda 5 mingdan ortiq voyaga yetmaganlar ishtirok etdi. Natijalar bir qator tashvishli, ammo juda muhim haqiqatlarni ochib berdi.
🌐 1. Nega yoshlar “internet maslahati”ga ishonyapti?
Bugungi kunda voyaga yemaganlar koʻp vaqtini onlayn oʻtkazadi. Internet — ular uchun koʻngil ochish vositasigina emas, balki “ustoz”, “doʻst” va “psixolog” oʻrnini ham bosmoqda.
YouTube, TikTok, Telegram — u yerda maʼlumot bor, lekin masʼuliyat yoʻq.
Yangi turdagi “energiya beradigan” tabletka haqida notoʻgʻri kontentlar yoshlarni qiziqtiradi va baʼzan aldovga soladi.
Agar ota-ona farzandidan: «Bugun internetda nima koʻrding?», deb soʻramasa — bu boʻshliqni boshqalar toʻldiradi.
🗣 2. Ota-ona va farzand oʻrtasida ochiq suhbat yetishmaydi
Soʻrov natijalariga koʻra, har ikkinchi voyaga yetmagan ota-onasi bilan giyohvandlik mavzusida suhbatlashmagan. Bu — oʻta ogʻir koʻrsatkich.
Yoshlar bu mavzuni uyat, taqiqlangan yoki “jazoga sabab boʻladigan” deb bilishadi. Ammo aynan shunday sukunat — xavfni oshiradi.
Shuning uchun ota-ona suhbatni oʻzi boshlab berishi zarur. Narkotik moddalar haqidagi maʼlumotni, savollariga javoblarni voyaga yetmaganlar ota-onalaridan olishlari muhim.
⚠️ 3. Eng xavfli natija: 38% oʻsmirlar “men aralashmayman, agar doʻstim narkotik moddalar isteʼmol qilsa, bu uning ishi” deb javob berdi
Soʻrovda aniqlanishicha:
38% bolalar agar tanishi tabletka ichsa, aralashmasligini, hech kimga aytmasligini va buni “uning shaxsiy ishi” deb hisoblashini bildirgan.
Bu fikr narkotiklarning yashirin tarqalishi uchun juda qulay muhit yaratadi.
💊 4. Nega oʻsmirlar giyohvand moddalar isteʼmol qilishni boshlaydi? — degan savolga voyaga yetmaganlarning oʻzi aniq sabablarni ochib berdi. Ular quyidagilar:
1) “Bu trend, moda”
Ijtimoiy tarmoqlar xavfli odatni “zamonaviylik” deb koʻrsatadi.
Yoshlar esa koʻrganini norma deb qabul qiladi.
2) “Bir marta ichsam hech narsa boʻlmaydi”
Bu — eng keng tarqalgan va eng xavfli xato.
Bir dona tabletka ham:
• miyani ishdan chiqaradi,
• psixikaga taʼsir qiladi,
• qaramlikning boshlanishiga sabab boʻlishi mumkin.
3) Koʻcha bosimi: koʻchadagi katta yoshdagi tanishlar undovi
Koʻpchilik oʻsmirlar tashqi bosim ostida qoladi:
• “Qoʻrqma, bu shunchaki vitamin”
• “Hamma tatib koʻrgan, sen ham sinab koʻr”
• “Bir marta hech narsaga taʼsir qilmaydi”.
Shu tarzda xavfli jarayon boshlanadi.
Har yili taxminan 0,6 million oʻlim holati psixoaktiv moddalar isteʼmoli bilan bogʻliq. Kech boʻlmasidan harakatni boshlashimiz kerak.
👪 Ota-onalar uchun amaliy tavsiyalar:
✅ Ishonchli muloqot yarating
• Oddiy savoldan boshlang: “Maktabda / doʻstlar bilan / uyda oʻzingni qanday his qilyapsan?” — va tanqid qilmasdan tinglang.
• “Seni bezovta qilgan biror narsa boʻldimi?” — degan savollar bilan kundalik hayoti bilan qiziqing.
• Unutmang agar oʻsmirlar tanbeh yoki jazodan qoʻrqsa koʻpincha sukut saqlaydi.
✅ Uyda “mini-trening” yoki oʻyin tashkil qiling
Oʻyin: “Fakt yoki Mif”
• Narkotiklar/psixotrop moddalar haqida 5–7 ta kartochka tayyorlang (masalan: “Bir marta ichsam hech narsa boʻlmaydi”, “Agar barcha doʻstlar sinab koʻrgan boʻlsa — bu normal holat”, “Televideniye reklamasidagi hamma narsa haqiqat” va hokazo).
• Farzandingiz bilan birga: Faktmi yoki Mif? — deb baholang, soʻngra nega shunday deb oʻylaganingizni muhokama qiling.
• Yakunida soʻrang: “Agar shunday vaziyatga duch kelsak, nima qila olamiz?” — bu farzandga toʻgʻri reaksiyani shakllantirishga yordam beradi.
Oilaviy mini-seminar: “Biz — jamoamiz”
• 45 daqiqa ajrating: psixotrop moddalar xavfi haqida qisqa video yoki infografikani birga koʻring (oldindan yuklab qoʻying).
• Keyin ota-ona va farzand alohida-alohida matn yozinglar: “Meni nima xavotirga soladi?”, “Menga nima yordam beradi?”, “Men kimga murojaat qila olaman?”. Soʻng birga oʻqishingiz kerak.
• Yakunida “oila qoidasi”ni belgilang: agar kimningdir doʻsti yoki tanishi xavfli vaziyatga tushsa — aytamiz va harakat qilamiz.
• Taklif qiling: “Agar doʻstingda shubhali holatni koʻrsang — menga aytishing uchun bir belgi (kod-soʻz) kelishib olamiz.”
✅ Uyga kichik “refleksiya vazifasi” bering
• Farzandingizdan bir hafta davomida shuni yozib borishni soʻrang:
– “Qachon oʻzimni yolgʻiz his qildim?”
– “Qachon bosim ostida qoldim?”
– “Qachon narkotiklar haqida reklama/rolik koʻrdim?”
• Haftaning oxirida birga muhokama qiling:
– Nima his qilding?
– Nima qilding?
– Nimani boshqacha qilishni xohlaysan?
• Ota-ona ham xuddi shunday qiladi: “Qachon juda band boʻldim?”, “Qachon farzandimning bezovtaligini sezdim?”
Bu usul ongni kuchaytiradi va oʻsmirga shuni koʻrsatadiki: “men ham bunga jiddiy yondashyapman, birga ishlayapmiz.”