2025.07 .14
Korrupsiya jinoyatlarini oldini olish
O‘zbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti tomonidan Qishloq xo‘jaligi vazirligi markaziy apparati, hududiy bo‘linmalari va tizim tashkilotlari ishtirokida “Korrupsiya jinoyatlarini oldini olish va unga qarshi kurashish choralari hamda bu borada xodimlarning huquqiy ongi va madaniyatini oshirish” mavzusida kengaytirilgan maxsus seminar-trening o‘tkazildi.
Seminar-trening markaziy studiyada oflayn hamda hududlarda onlayn tarzda tashkil etilib, unda jami 400 nafardan ortiq xodimlar ishtirok etdilar.
Seminar-treningda O‘zbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti boshlig‘i, polkovnik, yuridik fanlar falsafa doktori Berdaliyev Baxtiyor Erkinovich; institutning ilmiy xodimi, korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro ekspert Kuliev Qodir Raxmatullaevich; shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mas’ul xodimi G‘ulomov Shuxratjon Boxodirovich o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.
Seminar-trening quyidagi mavzularni qamrab oldi:
Korrupsiyaga qarshi harakat — avvalo uning mohiyatini anglashdan boshlanadi. Korrupsiya nima? Korrupsiyaning tasnifi. Qiyosiy tahlil (mintaqaviy va xalqaro);
Korrupsiya psixologiyasi;
Korrupsiya — bu nafaqat qonunni buzish, balki jamiyatning ishonchini yemiruvchi, inson qadr-qimmatini oyoq osti qiluvchi illatdir;
Korrupsiya — bu ham hissiyot, ham hisob-kitob asosida sodir etiladigan jinoyatdir. (Profilaktik choralarga tizimli va har tomonlama yondashuvda M + I – Sh – J formulasi asosida misollar bilan tushuntirildi).
Seminar yakunida mutaxassislar va xodimlar o‘rtasida qizg‘in savol-javoblar bo‘lib o‘tdi. Asosiy e’tibor maishiy korrupsiyani oldini olish masalalariga qaratildi.
Bundan tashqari, noan’anaviy tarzda kundalik hayotda ro‘y berayotgan kichik maishiy korrupsiya holatlari ham ochiq muhokama qilindi. Xususan, davlat tashkilotlari rahbarlarining avtomobil yoqilg‘i xarajatlari, taksi haydovchilari tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan holatlar, xorijiy davlatlar oliy ta’lim muassasalarida “Halollik vaksinasi” doirasida o‘tkazilgan eksperiment, respublikamiz sog‘liqni saqlash tizimidagi bir shtat ish o‘rniga ikki yoki undan ortiq fuqaro ishga qabul qilinishi va kichik tibbiyot xodimlari tomonidan yo‘l qo‘yilgan korrupsion holatlar misol sifatida keltirildi.
Seminar-trening yakunida notiqlar va tinglovchilar tomonidan respublikamizda korrupsiyaga mutlaqo murosasiz munosabatda bo‘lish va uni oldini olish bo‘yicha tizimli choralarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.