Logo
"Mirzo Ulug'bek" tum., "Buyuk ipak yo'li" ko'chasi, 243-uy
Dush-Juma : 09.00 AM-06.00 PM

Kriminologiya sohasidagi islohotlar bo‘yicha navbatdagi qadamlar belgilab olindi

2025.06 .30

PRESS-RELIZ

2025-yil 28-iyun kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Kriminologiya kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Kengash a’zolari, sohaning yetakchi mutaxassislari, ilmiy tadqiqotchilar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari hamda hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Majlisda jamiyat xavfsizligi, kiberjinoyatchilik, kriminologiya sohasidagi ilmiy izlanishlar va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan bir qator muhim masalalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, quyidagi qarorlar qabul qilindi:
1.    05.01.12 – “Kiberxavfsizlik. Kiberjinoyatchilik” ixtisosligi pasporti tasdiqlandi. Shuningdek, ushbu yo‘nalish bo‘yicha Ilmiy kengash tarkibi va malakaviy imtihon komissiyasi shakllantirildi.
2.    Samarqand shahrida 2025 yilning ikkinchi yarmida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan “Jahon kriminologiyasining ilg‘or tajribalari” mavzusidagi II xalqaro forum bo‘yicha tashkiliy takliflar ma’qullandi.
3.    O‘zbekistonning siyosiy-huquqiy sohadagi xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilashda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning o‘rni va vazifalarini kuchaytirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqildi.
4.    “Kriminologiya” xalqaro ilmiy-amaliy jurnalining nizomi va tahrir hay’ati tasdiqlandi. Shuningdek, xorijiy ilmiy nashrlar bilan hamkorlikda maqolalar chop etish yuzasidan kelishuvlar ishlab chiqildi.
5.    Samarqand viloyati, Toshkent shahar va Toshkent viloyatida jinoyatchilik yuqori bo‘lgan mahallalarda jinoyatlarni oldini olish va jilovlashga qaratilgan yangi avlod o‘quv-metodik qo‘llanmalari chop etishga tavsiya qilindi.
6.    Tergov bo‘linmalari faoliyati va sudgacha ish yuritish jarayonlarini tahlil qiluvchi qator ilmiy-amaliy axborot xatlari muhokama qilindi va ularni tegishli tashkilotlarga taqdim etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
7.    “O‘ta shavqatsizlarcha sodir etilgan jinoyatlarni shaxslar bo‘yicha ilmiy tadqiq etish” ilmiy-amaliy tadqiqot loyihasi bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan yo‘nalishlar belgilab olindi.
Majlis yakunida Kengash raisi ta’kidlaganidek, qabul qilingan qarorlar mamlakatimizda jinoyatchilikka qarshi kurash samaradorligini oshirish, ilmiy yondashuv asosida ish olib borish va xalqaro tajribani tatbiq qilishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.