2025.04.28
Bu yil Oʻzbekiston va Koreya Respublikalari oʻrtasida diplomatik aloqalar oʻrnatilganiga 32 yil toʻldi. Shu davr ichida oʻzaro munosabatlar yuksak ishonch va doʻstlik ruhida izchil rivojlandi.
Bugungi kunda Janubiy Koreya Oʻzbekistonning alohida strategik sherigi, vaqt sinovidan oʻtgan yaqin hamkorlaridan biri sanaladi. Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlarda mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik masalalari ustuvorlik kasb etadi. Xususan, uyushgan jinoyatchilik, xalqaro terrorizm, ekstremizm, odam savdosi va boshqa xavf-xatarlarga qarshi birgalikda kurashish tomonlar manfaatiga toʻla mos keladi. Koreya kriminologiya va adliya instituti vakillarining yurtimizga tashrifi ham mazkur yoʻnalishda hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatli. Delegatsiya aʼzolari dastlab akademiyaning xalqaro aloqalari yoʻnalishlari bilan tanishdilar. Mehmonlarga yetakchi xorijiy tashkilotlar va turdosh oliy taʼlim muassasalari bilan yoʻlga qoʻyilgan munosabatlar haqida maʼlumot berildi. Shu yerning oʻzida Koreya delegatsiyasi aʼzolari, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti vakillari oʻrtasida muloqot boʻlib oʻtdi. Uchrashuvda Oʻzbekiston va Koreya munosabatlari jadal surʼatlarda rivojlanib, yangi bosqichga chiqib borayotgani eʼtirof etildi. Samimiy ruhdagi uchrashuv hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini belgilash va mustahkamlashga xizmat qilishi taʼkidlandi. Delegatsiya rahbari, Koreya kriminologiya va adliya instituti prezidenti janob Tae Xun Xa ikki tomonlama aloqalarni yanada chuqurlashtirish sohaga ilgʻor yondashuvlarni keng tatbiq qilishga yoʻl ochishini qayd etdi. Oʻz navbatida, IIV akademiyasi boshligʻi Rustam Xatamov Oʻzbekiston va Koreya davlatlarining turdosh oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida oʻzaro tajriba almashinuvini kengaytirishdan manfaatdor ekanini bildirdi. Shundan soʻng mehmonlarga IIV akademiyasi hamda Kriminologiya tadqiqot instituti faoliyati taqdimot qilindi. Uchrashuv yakunida Koreya kriminologiya va adliya instituti hamda Oʻzbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Shu kuni koreyalik mutaxassislar Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, zamonaviy sport kompleksi, axborot-resurs markazi, oʻquv tezkor-tergov guruhlari uchun moʻljallangan mobil avtotransport vositalarini koʻzdan kechirdilar. Taʼlim jarayoniga tatbiq qilingan zamonaviy yondashuvlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.